Bir hind suhbatdoshim shunday degandi "One day you will learn how
to earn money, and one day everybody will learn how to earn money but
someone will be successful if he learns how to spend it". Hamma odam pul
topishni o'rganadi, lekin pulni qanday sarflashni bilgan odam muvaffaqiyatga erishadi.
Pul sarf qilish - bu hech qayerda o'rgatilmaydigan, ammo muhim bo'lgan mavzulardan biri. Sababi bir kunda 24 soatlik vaqtimizni eng kuchga to'lgan, asosiy 8 soatini ishga sarflaymiz. Bir odam o'rtacha 90 ming soat umrini ishda o'tkazar ekan. Bu umrni uchdan bir qismi degani. O'zbekistonda bu ko'rsatkich ko'proq ekanligiga ishonaman.
To'g'ri ishni sevib majburlikdan emas, xohish bilan ishlayotgan odamlar ko'p. Ammo ko'p odamlar pul bilan bo'lgan majburiyatlari uchun ishga boradi. Qolaversa, ishini ming yaxshi ko'rsa ham, odamda charchash yoki boshqa ishlarni ham qilib ko'rishga qiziqish
xususiyati bor. Lekin, pul bilan bog'liqlik tufayli ishlashga majbur bo'ladi.
Shunday ekan, chegaralangan vaqtimiz va kuchimiz orqali topilgan pulni to'g'ri ishlatishimiz juda muhim. Bu umrimizni qayoqqa ishlatayotganimizga teng.
Men kabi yoshlar hattoki oila qurganidan keyin ham pulni to'g'ri sarflashni yoki hattoki hisob kitob qilishni bilmasliklari ham ba'zan tabiiy holat. Chunki buni maktab, universitet va ba'zan ota-onamiz ham o'rgatmaydi.
Lekin ko'pchiligimizni hayolimizda pulni qayerga qo'ysam tez ko'payadi, markazdan uy olsam passiv daromad kelib turadi, yoki umuman qandaydir qilib passiv daromad yo'lini topish kerak degan fikr bo'ladi.
Marketing(sizga keraksiz narsani qanday qilib bo'lsa ham sotish), sudxo'rlik, kredit shovqinlari ko'paygani bizni bilimsizligimiz ustiga yana qo'shimcha. Bu shovqinlarda umrimizni keraksiz matohlarga almashib qo'yishimiz yoki sudxo'rlikni to'g'ri yo'l deb yoki bilib turib shu yo'llarga kirib ketishimiz juda oson. Chunki hamma joyda bular haqida jar solinmoqda. Ko'p tanishlarim kreditga botgan, yoki o'zlari namoz o'qib turib sudxo'rlik qilishmoqda. Mendagi og'riq aynan shu.
Men TheWay loyihasi bilan oddiy qilib aytganda moliyaviy farovonlikka to'g'ri yo'llarni topib, o'rganib, ularni ulashmoqchiman. Moliyaviy savodxonlikni oshirish, to'g'ri
sarmoya qilish, pulni to'g'ri yig'ish yo'llarini ko'rsatmoqchiman.
Aniqroq qilib aytganda TheWay, qanday qilib pulni hisob kitob qilish, xohish va zaruriyatni farqlay olish, qanday qilib qarzlardan chiqish(agar ular bo'lsa), katta xaridlarni hech qanday kreditlarsiz qanday qilib qilish, to'g'ri yo'l bilan boylik orttirgan, yashagan yoki yashayotgan odamlar hayotini yoritish, eng asosiysi qanday qilib to'g'ri, sudxo'rliklarsiz sarmoya qilish yo'llarini aniq(manbalari bilan) ko'rsatadi va bu sarmoyalar orqali tezroq nafaqa(erkinlik)ga chiqishni o'rgatadi.
Bu loyiha qanday qilib boy bo’lish sirlarini o’rgatmaydi. Bu loyiha qanday qilib berilgan umrni farovonlikda, xotirjamlikda va qadriyatlar asosida o’tkazishni o’rgatishga harakat qiladi.
Javlonbek Mirzaabdullayev
tilmoch.ai orqali imloviy xatolar to‘g‘rilandi.